Til millatning ruhi, xalqning bebaho ma’naviy boyligi va avlodlarni birlashtiruvchi muqaddas merosdir.
Kuni-kecha Shofirkon tuman 2-son texnikumida 21-oktabr — O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “Ona tilim – faxrim, g’ururim” nomli ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Millatning o‘zligini, ma’naviy qiyofasini ko‘rsatuvchi bebaho boyligimiz – tilni muqaddas bilish, Davlat tiliga hurmat va ehtiromni shakllantirish bilan istiqlol g‘oyalariga sadoqat, vatanparvarlik tuyg‘ularini tarkib topdirish va kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali yoshlarning ma’naviy dunyosini boyitish lozim.
Tadbirda tuman 2-son texnikumi o‘quvchilari, Shofirkon tuman AKM mutaxassislari va faol kitobxonlar ishtirok etdilar.
40-son tuman Madaniyat markazi xonandalari tomonidan kuylangan kuy-qo’shiqlar tadbir ishtirokchilariga ko’tarinki kayfiyat bag’ishladi.
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, tilni sevish, uni ardoqlash, millatni sevish va uni qadrlash bilan teng hisoblanadi. Har qaysi xalqning turmush tarzi, urf-odatlari, madaniyati uning tilida o‘z ifodasini topadi.
Ona tilimizni asrab-avaylash, uning nufuzini yuksaltirish, sofligini saqlash va kelajak avlodlarga munosib yetkazish har birimizning sharafli burchimizdir.
O‘zbek tilini sevaylik, qadrlaylik va uning ravnaqi uchun birgalikda harakat qilaylik!










