O‘zbekiston xalq shoiri, taniqli yozuvchi Iqbol Mirzoning “Bonu” romanini o‘qib…
Husni oyni uyaltirgan malakmiding,
Ota-onam deya joni halakmiding,
Dadasining erkasi – oq tilakmiding,
Azob, xiyonatdan nigoh nammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Xastalikdan bag‘ring yonib kuyganing rost,
Ko‘ngil uzmay Olmosingni suyganing rost,
Yusuf zulmidan joningdan to‘yganing rost,
Razolatdan gul qomating xammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Ish axtarib qay ko‘chaga kirmading-a,
Xorlik, zorlik, yana nelar ko‘rmading-a,
Samimiyat, ishonchdan yuz burmading-a,
Hayot bergan zarbalari kammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Kamsitishu pastkashliklar o‘tdi jondan,
Nomus, oriyat deb kechmading iymondan,
Shukur qilib kutding najotni osmondan,
Xorijda ham nokas, shayton jammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Qonga to‘ldi ko‘ksing taqdir toshlaridan,
O‘tkazmading ne savdolar boshlaringdan,
Dunyo loqayd, beparvo ko‘z yoshlaringdan,
Tanti qizga haqorat, sitammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Yaqinlaring xas tashladi ko‘zlaringga,
Ishonganlar loy chaplashdi yuzlaringga,
Quloq solmadi nomardlar so‘zlaringga,
Qadring qumga qorganlar odammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Hiyla, nayrang, aldov, qaboxat qadamda,
Tanu joning yondi anduhu alamda,
Ko‘z o‘ymoqqa tayyorlar har lahza, damda,
Qishdan o‘tding, bu yog‘i ko‘klammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Suf bu dunyo-bu dunga deb qondir yurak,
Inson sha’ni, qiymati bir pulmi, demak,
Qiynoqlaring suyakdan o‘tdi, ey, falak,
Sog‘-omon bo‘l, ko‘ngling xotirjammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
Pok dilingga baxt tonglari oqib kirsin,
Omad, iqbol qalb eshiging qoqib kirsin,
Nodonlar boshiga yong‘oq chaqib kirsin,
Omon der: bu zolim bir olammi, Bonu,
Bir boshingga shuncha kulfat, g‘ammi, Bonu?!
OMON ABDULLA

