Lirik_chekinish                                                                                                                                                                                                                         Ko‘ngil
Lirik_chekinish Ko‘ngil

Lirik_chekinish Ko‘ngil

(Taniqli yozuvchi va jurnalist Rajabboy Raupovning “Jazo” romanini o‘qib… )

Dunyo ishlariga goh qolib hayron,
Sokinlik bag‘ridan malham izlayman.
Oddiy bir bandaman, yurakda tug‘yon,
Qanoatli, halol qadam izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

Qushlar chug‘uriga ko‘milsa bog‘lar,
Ohular ko‘rkidan yashnasa tog‘lar,
Qalblarni tark etsa, alamlar, dog‘lar,
Gulzordan nurday pok shabnam izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

Ko‘zlar bir-biriga mehr-la boqsa,
Zavqovar dillardan g‘azallar oqsa,
Razillikka rost so‘z etagin qoqsa,
Tongday sof, beg‘ubor olam izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

Har dilda Navoiy ko‘z ochsa, koshki,
Ogahiy, Rumiydan so‘z ochsa, koshki,
Bedil-u, Fuzuliy yuz ochsa koshki,
Moziyning qo‘ynidan ming sham izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

Yurakda Temurning shiddati bo‘lsa,
Sino, al-Buxoriy hikmati bo‘lsa,
Shoir Jamol Kamol san’ati bo‘lsa,
Jarohatli jonga malham izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

Mayda gap-so‘zlardan bezor bu ko‘ngil,
Illatdan topar goh ozor bu ko‘ngil,
Xiyonatdan zada, abgor bu ko‘ngil,
Hikmat-u jur’atni har dam izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

Yolg‘on-u aldovga to‘lganday har yon,
Orzular ustidan kulmasa armon,
Har dilda jarohat, ayt, qayda darmon,
Qish qahri qaqshatar-ko‘klam izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

G‘araz-u hasaddan poklansa dillar,
Ishonch, yaxshilikdan yorishsa yo‘llar.
Haq so‘zning boshidan sochilsa gullar,
Haqiqatday sinmas qalam izlayman,
Odamlar ichidan odam izlayman.

OMON ABDULLA

Leave a Reply

Your email address will not be published. Required fields are marked *