Yetti pushtim- ajdodlarim yashagan yer,
Ko‘zim oqu qorasidek yashnagan el,
Mehring issiq, mehringdan bor yurakka yo‘l,
To‘kilgandir senda mening kindik qonim,
Onam kabi mehribonsan, Shofirkonim!
Kamalakrang dunyo — go‘zal chamanlar ko‘p,
Tili turli, yo‘li turli vatanlar ko‘p,
Tog‘u bog‘li, jannatmonand maskanlar ko‘p,
Va lek bog‘liq tomiringga mening jonim,
Ota makon, ona makon-Shofirkonim!
…Parvardigor tuprog‘ingga nazar qilgan,
Mohitobon–piring noming go‘zal qilgan,
Shoirlaring tilida she’r, g‘azal qilgan,
Or-nomusim, sening shoning-mening shonim,
Olimmakon, orifmakon-Shofirkonim!
…Vardonxudod qo‘rg‘onisan– Vardonasan,
Hamisha haq, hamisha mard-mardonasan,
Ko‘ksim uzra bir tumordek yagonasan,
Beshigimsan, qo‘shig‘imsan, yo‘q armonim,
Shoh o‘g‘lining makonisan Shofirkonim!
Al Ibrohim Mo‘min -orif o‘g‘loning bor,
Ilmu irfon tug‘in tutgan el bahtiyor,
Olimlaring, shoirlaring, chin iftixor,
Senga loyiq satr bitsam yo‘q armonim,
Bir donasan, durdonasan Shofirkonim!
…Shoirsifat farzandingman, oshiq dilman,
So‘z chamani ichra sayroq bir bulbulman,
Xudoga qul bir bandaman, Boboqulman,
Bag‘ringdan joy olsa basdir , tanu jonim,
Avval, oxir manzilimsan, Shofirkonim!
BOBOQUL USMON
