Otang bo‘lsa, qadding xam bo‘lmas,
Rizqing butun, dilda g‘am bo‘lmas,
Boshing ko‘kda, ko‘zing nam bo‘lmas,
Suyanch tog‘im o‘zingiz, ota!
Otang bo‘lsa, yaqinlashmas yov,
Ko‘kragingdan itarmas birov,
Qosh, sochingga qo‘nmas qor-qirov,
Dur, gavhar har so‘zingiz, ota!
Kuch-qudratga to‘lib yurasan,
Qadri baland bo‘lib yurasan,
Ko‘ngling ham to‘q, kulib yurasan,
Ko‘zga surtay izingiz, ota!
Adashmassan dasht, cho‘llarda ham,
Qoqilmaysan tosh, yo‘llarda ham,
Qolmaysan yomg‘ir, do‘llarda ham,
Yorug‘ etay yuzingiz, ota!
Farzandim deb qasrlar qurgan,
Charchamasdan yelib-yugurgan,
Suv simirib, toshni kemirgan,
Bo‘lay ko‘rar ko‘zingiz, ota!
Ranjitmagin, ko‘tar boshingga,
Shaytonlar yo‘lamas qoshingga,
Aralashmas og‘u oshingga,
Menman kech-kunduzingiz, ota!
Kaftda tutib opichlab yursam,
Uzolmasman qarzim shunda ham,
Omon kunda yuz bor yo‘qlasam,
Oqlay nonu-tuzingiz, ota!
OMON ABDULLA
