Qo‘lida kitob, xayoli dunyolarda,
Ko‘zlari ma’noli, qalbida nur bor.
O‘qib har sahifan, go‘zal dunyoda,
Kitobxon qizlarning o‘rni hamisha bor.
Yosh avlodning mutolaaga bo‘lgan qiziqishini yanada kuchaytirish, kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, faol kitobxonlar safini kengaytirish, aholi va yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish, ayniqsa, qizlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yanada rivojlantirish maqsadida har oyning 18 sanasi “Kitobxon qizlar” kuni deb belgilashi munosabati bilan joriy yilning 20 aprel kuni akademik To‘ra Mirzayev nomidagi Shofirkon tuman axborot-kutubxona markazida “Mutolaada kitobxon qizlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida ishtirokchilarning badiiy adabiyotga bo‘lgan qiziqishlarini o‘rganish maqsadida savollar bilan murojaat qilib, ularning topqirliklari sinab koʻrildi hamda abonementlar va foydalanuvchilarga xizmat ko‘rsatish xizmati mutaxassislari kitobxon qizlarni yangi adabiyotlar bilan tanishtirib, mutolaa uchun tavsiya etdilar.
Shundan so‘ng kitobxon qizlar tomonidan she’rlar va o‘qilgan kitoblar haqidagi taasurotlar tinglandi.
Buyuklar “Bolangizga kitob o‘qishni o‘rgating, qolgan hammasini kitobning o‘zi o‘rgatadi”, – deya bejiz aytishmagan. Uchinchi Renessansning haqiqiy drayverlari hisoblanmish olovqalb yoshlarni mutolaaga boshlayotgan yurt onalarining tashabbuslari mamlakat taraqqiyotiga xizmat qilishi shubhasiz.
Qizlar–kelajagimiz davomchilari. Yurtimizda intellektual salohiyatli, o‘z iqtidorini turli sohalarda namoyon etib yutuqlarga erishayotganlar qizlarning salmog‘i oshib bormoqda. Ayniqsa, ular orasida yosh olimalar, yosh rahbarlar, turli davlat mukofotlari sovrindorlari, chet tillarini mukammal egallagan, o‘z inovatsion g‘oyalarini hayotga tadbiq etayotgan, jahon arenalarida o‘zbek bayrog’ini yuksaklarga ko‘tarayotgan, eng asosiysi dunyo yoshlari bilan har sohada bellasha oladigan qizlarning borligi barchamizda faxr tuyg‘usini uyg‘otadi.






