Bir mayizni qirqqa bo‘lib, yegan el-bu,
Birlashaylik, kuch birlikda degan el-bu.
Ajdodlarning xoki -poyin ko‘zga surtib,
Ozodlik yog‘dusin dildan tuygan el-bu.
Ostonasi oltin yurt – sinmas qanot-bu,
“Yangi O‘zbekiston bu –yangi hayot-bu!”
Yetti iqlimni lol etgan chamanimsan,
Dovrug‘i dunyoga ketgan vatanimsan.
Hurlik tug‘i qo‘lda, karvon oydin yo‘lda,
Chapdast chavandozli uchqur samanimsan.
Oq ko‘ngilli, qora ko‘z elga najot-bu,
“Yangi O‘zbekiston bu–yangi hayot-bu!”
Daholarni tuqqan yurtda bu kun bayram,
To‘yboshi-sherdil sultonim, loldir olam.
Ko‘ksimiz tog‘, boshlarimiz osmondadir,
Ko‘rk-u chiroyingga ko‘z tegmasin, o‘lkam.
Jahon talpingan jarangdor kuy-bayot – bu,
“Yangi O‘zbekiston bu–yangi hayot-bu!”
Nigohida o‘t chaqnagan o‘g‘il-qizlar,
Intilishu izlanishin el oldi tan.
Dovonlardan oshib, cho‘qqilarni ko‘zlar,
Yer yuzida betakror bu–xalq, bu-vatan!
Ilm-fanning bo‘stonida kashfiyot–bu,
“Yangi O‘zbekiston bu–yangi hayot-bu!”
Obidalar qator-qator yashnab yotar,
Arslonlarning diyoriga shoshar jahon.
Shosh, Samarqand, Buxoro hayrat uyg‘otar,
Nasaf, Xorazm bormagan qilar armon.
Bobolardan bizga meros iste’dod–bu!
“Yangi O‘zbekiston bu–yangi hayot-bu!”
Dunyo tanir Sohibqiron Temurbekni,
Kim tan olmas Sino, Bobur, Ulug‘bekni.
Al- Buxoriy hikmatidan gullar unar,
Olam bilar istiqlol sabab o‘zbekni.
O‘tmishi zo‘r, ertasi buyuk davlat-bu,
“Yangi O‘zbekiston bu–yangi hayot-bu!”
Shoir Omon madhing kuylar qalam qo‘lda,
Pok niyatli do‘st-yoronlar o‘ng-u so‘lda.
Tinchlik qo‘rg‘oniga aylangan diyorim,
Shukronalik, rozilik bor har bir dilda.
Ko‘pkarida mangu uloq olgan ot-bu,
“Yangi O‘zbekiston bu–yangi hayot-bu!”
OMON ABDULLA
