“1985“
Entoni Byordjess
“1985” ikki qismga bo‘lingan bo‘lib, birinchi qism Oruellning “1984” asarining muhokamasi va tahliliga bag‘ishlangan, ikkinchi qismda esa Byordjessning kelajakdagi tasavvurlari yoritilgan.
“1985” ning asosiy qahramoni Bev tarix o‘qituvchisi bo‘lib, yetarli maosh olmagani va darslarda davlat aytgan tarixnigina o‘qitishga majbur bo‘lganligi sababli o‘z kasbidan voz kechib, shirinliklar fabrikasiga oddiy ishchi bo‘lib joylashadi.
Kunlarning birida uning rafiqasi – Ellen – davolanayotgan kasalxonada yong’in chiqadi. Baxtga qarshi, o‘sha kuni yong‘inchilar kasaba uyushmasi zabastovka e’lon qilgan bo‘ladi va kasalxonada bemorlar tiriklayin yonib ketadi.
Ellenning vafotidan so‘ng Bev nosog‘lom tug‘ilgan o‘n uch yoshli farzandi Bessi bilan yolg‘iz qolib ketadi. Yong‘indan qutilishga urinayotgan Ellen Bevga go‘yo “Mening o‘chimni ol. Ularni jazosiz qoldirma” deganday bo‘lgani uchun, Bev kasaba uyushmalarga qarshi qattiq kurashishga ahd qiladi.
Tuzumga qarshi chiqqan Bev ongi past farzandi bilan ishsiz, pulsiz, boshpanasiz ko‘chada qolib ketadi. U qizini qandaydir bir “Qizlar Gʻamxo‘rlik Uyiga” topshiradi-da, uzi hayotda tirik qolishga, o‘rnatilgan tuzumni sal bo‘lsada o‘zgartirishga harakat qiladi. Uning harakatlari muvaffaqiyatli bo‘ldimi? Nima deb o‘ylaysiz?
Byordjessning kelajak haqidagi tasavvurlarini o‘qir ekansiz, ko‘plab joylarda ularning aniqligidan hayratga tushasiz. Misol uchun, yozuvchi kelajakda feminizm absurd darajaga kelib qolishini ko‘ra bilgan.

